DIQQAT: tizim test rejimida ishlamoqda
Asosiy mazmunga oʻtish
Undiruvchi.uz

Huquqiy hujjatlar

Ommaviy oferta

Foydalanuvchi kelishuvi: undiruvchi.uz sayti va mobil ilovalaridan foydalanish shartlari.

1. ATAMALAR VA TA’RIFLAR

1.1. Operator (Platforma egasi) — ushbu Shartnomada nazarda tutilgan shartlarda raqamli axborot-konsalting, billing va xabarnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi https://undiruvchi.uz/ Platformasi egasi bo‘lgan yuridik shaxs yoki YAT (keyingi o‘rinlarda — Operator).

1.2. Platforma (Sayt) — Internet tarmog‘ida https://undiruvchi.uz/ domen manzili va uning ostki domenlarida joylashtirilgan dasturiy-apparat majmuasi, axborot tizimi va mobil ilovalar.

1.3. Foydalanuvchi — ushbu Ommaviy oferta shartlarini qabul qilgan (akseptlagan), Saytdan va uning funksionalidan foydalanuvchi muomala layoqatiga ega bo‘lgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs.

1.4. Tashkilot — muammoli qarzdorliklari mavjud bo‘lgan hamda ularni undirish bo‘yicha shartnomaviy-huquqiy asosda Undiruvchi qidirayotgan banklar, mikromoliya tashkilotlari, onlayn-marketlar, nasiya do‘konlari va boshqa yuridik shaxslar.

1.5. Haqdor — o‘ziga tegishli bo‘lgan pul mablag‘larini yoki mulkiy haqlarni (qarz, aliment, ish haqqi, ijara haqqi, shartnoma majburiyatlari bo‘yicha) belgilangan muddatda ololmay yurgan va ularni undirib olish choralarini ko‘rayotgan jismoniy shaxs.

1.6. Undiruvchi — Tashkilotlar, nasiya do‘konlari hamda Haqdorlarning muammoli qarzdorliklari bilan shartnomaviy-huquqiy va vakillik (ishonchnoma, topshiriq, komissiya yoki xizmat ko‘rsatish shartnomalari) asosida ishlaydigan jismoniy yoki yuridik shaxs.

1.7. Qarz beruvchi — pul so‘rab murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga pul mablag‘larini (yoki tovarlarni nasiyaga) beruvchi hamda shartnomani rasmiylashtiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs.

1.8. Qarz oluvchi — Qarz beruvchiga pul mablag‘ini yoki tovarlarni so‘rab murojaat qiluvchi, tegishli shartnomani rasmiylashtiruvchi hamda majburiyatlarni o‘z vaqtida qaytarish mas’uliyatini oluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs.

1.9. Qarz reyestri — o‘zaro qarz oldi-berdi qilgan, nasiya va shartnomaviy majburiyatlarga ega bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning, ularning qarzdorlik ko‘rsatkichlari hamda to‘lov muddatlarining raqamlashtirilgan ma’lumotlar bazasi va ro‘yxati.

1.10. Insofsiz qarzdorlar reyestri — qarz olib, nasiya yoki shartnoma bo‘yicha to‘lov muddatlarini sababsiz vaqtida to‘lamagan, majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlagan qarzdorlar to‘g‘risida Platformada shakllantiriladigan maxsus reyestr va ma’lumotlar bazasi.

1.11. Ommaviy oferta — Operatorning Foydalanuvchiga muayyan xizmat ko‘rsatishga bo‘lgan taklifi bo‘lib, Foydalanuvchi tomonidan akseptlangunga qadar istalgan vaqtda o‘zgartirilishi mumkin bo‘lgan rasmiy hujjat.

1.12. Aksept — Foydalanuvchi tomonidan ushbu Oferta shartlarini to‘liq va so‘zsiz qabul qilinishi (ro‘yxatdan o‘tish, so‘rovnoma to‘ldirish, katakchaga («chekboks») belgi qo‘yish yoki xizmat haqini to‘lash harakatlari).

1.13. Shaxsiy kabinet — Foydalanuvchini identifikatsiyalash va platforma funksionalidan foydalanish uchun Saytda yaratiladigan individual shaxsiy sahifa.

2. SHARTNOMA PREDMETI VA HUQUQIY MAQOMI

2.1. Shartnoma predmeti: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi va «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunlariga muvofiq, Operator Foydalanuvchiga https://undiruvchi.uz/ platformasi orqali raqamli axborot-konsalting, qarzdorliklar bo‘yicha billing, avtomatik SMS-eslatmalar yuborish va huquqiy hujjatlar loyihalarini shakllantirish va undiruvga aloqador bo’lgan boshqa xizmatlarini ko‘rsatadi, Foydalanuvchi esa ushbu xizmatlardan belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda foydalanadi.

2.2. Platforma maqsadi: «UNDIRUVCHI.UZ» platformasi davlat hokimiyati, sud yoki majburiy ijro (MIB) organi hisoblanmaydi. Platforma qarzdorliklar, nasiya va majburiyatlarni raqamlashtirish hamda taraflarga axborot-texnik va huquqiy ko‘mak beruvchi mustaqil raqamli resursdir.

2.3. Aksept tartibi: Foydalanuvchi Saytda ro‘yxatdan o‘tgan, so‘rovnoma to‘ldirgan yoki xizmat uchun haq to‘lagan paytdan e’tiboran ushbu Ofertani to‘liq va shartsiz qabul qilgan hisoblanadi va taraflar o‘rtasida elektron shartnoma tuzilgan deb e’tirof etiladi (FK 370-moddasi).

3. FOYDALANUVCHILAR TOIFALARI VA REYESTRLARDAN FOYDALANISH QOIDALARI

3.1. Tashkilot va Haqdorlarning huquqlari va mas’uliyati: Tashkilotlar hamda Haqdorlar Platformada o‘zlarining qonuniy va shartnomaviy qarzdorlik ko‘rsatkichlarini Qarz reyestriga kiritish, avtomatik SMS-eslatmalar yuborish hamda shartnomaviy-huquqiy asosda Undiruvchilarni jalb etish huquqiga ega. Tashkilot va Haqdor kiritilayotgan qarzdorlik bo‘yicha hujjatlar (shartnoma, tilxat, kvitansiya va h.k.) haqiqiyligi va qonuniyligi uchun shaxsan javobgardir.

3.2. Undiruvchilarning faoliyat tartibi: Undiruvchilar Tashkilotlar, nasiya do‘konlari va Haqdorlar bilan alohida yozma shartnomalar (topshiriq, komissiya, xizmat ko‘rsatish) va ishonchnomalar asosida harakat qiladi. Undiruvchilar Platformada taqdim etilgan billing, xabarnoma va huquqiy hujjatlar shablonlaridan foydalangan holda qarzdorlikni sudgacha va sud tartibida undirish choralarini ko‘radi. Undiruvchi O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi hamda kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi shart.

3.3. Qarz beruvchi va Qarz oluvchilarning majburiyatlari: Qarz beruvchi kiritilgan qarz shartnomalari shartlariga rioya qiladi va noto‘g‘ri ma’lumot kiritishdan tiyiladi. Qarz oluvchi majburiyatlarni shartnomada belgilangan muddatda bajarishi shart. Majburiyat bajarilmagan taqdirda, ma’lumotlar shartnoma shartlariga va ushbu Ofertaga muvofiq Qarz reyestriga va Insofsiz qarzdorlar reyestriga kiritilishi haqida ogohlantiriladi.

3.4. Qarz reyestri va Insofsiz qarzdorlar reyestri yuritilishi: Qarz reyestri va Insofsiz qarzdorlar reyestriga ma’lumotlar muntazam kiritib boriladi, foydalanuvchilar saytdan foydalanish orqali bunga to’liq roziliklarini bildiradi va tasdiqlaydi. Bu ma’lumotlar qonunchilikda va ushbu shartnomada belgilangan tartibda davlat tashkilotlari va O’zbekiston respublikasida xizmat ko’rsatuvchi nodavlat tashkilotlarga taqdim etilishi mumkin. Jismoniy va yuridik shaxslarni kredit skoring balini va kredit tarixini rasmiylashtirish uchun reyestlardagi ma’lumotlar taqdim etiladi. Bu orqali kredit va qarzlarni qaytmaslik xavfi oldi olinadi. KATM, banklar va boshqa shunga o’xshash tizimlarga ma’lumotlar taqdim e’tilishi mumkin, va foydalanuvchilar bunga to’liq rozilik bildiradi. Saytdan foydalanishni to’xtatgan davrda ham foydalanuvchi ma’lumotlari saqlanadi va ulardan foydalanish davom etadi.

4. PLATFORMA FUNKSIONALI VA XIZMAT KO‘RSATISH TARTIBI

4.1. Xizmat turlari: Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Platforma quyidagi raqamli xizmat turlarini taqdim etadi:

  • Qarzdorlik va nasiya majburiyatlarini raqamli billing tizimiga kiritish va hisobini yuritish;
  • Qarzdorlarga qarzni to‘lash haqida avtomatik SMS, Telegram va mobil xabarnomalar yuborish;
  • Sudga topshiriladigan arizalar, talabnomalar va da’vo hujjatlarining namunaviy loyihalarini shakllantirish;
  • Undiruvchilarni topish va ularni xizmatidan foydalanish;
  • Sudga va MIBga ariza, shikoyatlar yuborish xizmatidan foydalanish;
  • Qarzdorliklarni undirish jarayoni bo‘yicha analitik va statistik ma’lumotlarni aks ettirish. Shuningdek, undiruvga aloqador qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa xizmatlarni taqdim etadi.

4.2. Texnik o‘zgartirishlar: Operator xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish maqsadida Platforma funksionali va texnik parametrlarini Foydalanuvchini oldindan ogohlantirmasdan mustaqil ravishda o‘zgartirish, yangilash yoki to‘xtatib turish huquqiga ega.

5. TARAFLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

5.1. Operatorning huquqlari: Platformadan xavfsiz foydalanishni ta’minlash maqsadida Operator quyidagi huquqlarga ega:

  • Foydalanuvchidan haqiqiy, aniq va qonuniy ma’lumotlar hamda hujjatlarni taqdim etishini talab qilish;
  • Foydalanuvchi tomonidan noto‘g‘ri, sohta yoki uchinchi shaxslarning huquqlarini buzuvchi ma’lumotlar kiritilganda, uning Shaxsiy kabinetini vaqtinchalik yoki butunlay bloklash;
  • Platformadan qonunga xilof, firibgarlik yoki o‘zganing shaxsiy daxlsizligini buzuvchi maqsadlarda foydalanilganda xizmat ko‘rsatishni tekshirish va rad etish.

5.2. Foydalanuvchining majburiyatlari: Foydalanuvchi quyidagi majburiyatlarni oladi:

  • Platformaga faqat haqiqiy, qonuniy va o‘ziga tegishli (yoki vakillik vakolatiga ega bo‘lgan) ma’lumotlarni kiritish;
  • Shaxsiy kabinet paroli va kirish kodlarini uchinchi shaxslarga bermaslik va ularning maxfiyligini ta’minlash;
  • Platforma xizmatlari uchun belgilangan tariflarga muvofiq o‘z vaqtida haq to‘lash.

6. TO‘LOVLAR, TARIFLAR VA PULNI QAYTARISH (REFUND) SHARTLARI

6.1. Tariflar: Platforma xizmatlari haqi va tariflari Saytning tegishli bo‘limlarida e’lon qilinadi va to‘lov paytida amal qiluvchi narxlar bo‘yicha hisoblanadi.

6.2. To‘lov usullari: To‘lovlar O‘zbekiston Respublikasida ruxsat etilgan elektron to‘lov tizimlari (Click, Payme, Uzum va h.k.) yoki bank o‘tkazmasi orqali milliy valyutada (so‘mda) amalga oshiriladi.

6.3. Pulni qaytarish (Refund): Agar Operator aybi bilan xizmat ko‘rsatilmasa yoki texnik xatolik sababli ortiqcha mablag‘ ushlansa, Foydalanuvchining murojaatiga asosan mablag‘ 5 (besh) bank kuni ichida qaytarib beriladi. Foydalanuvchi tomonidan sohta ma’lumot kiritilishi yoki qoidalarni buzishi sababli xizmat bloklanganda to‘langan pul qaytarib berilmaydi.

7. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLAR VA MAXFIYLIK

7.1. Shaxsiy ma’lumotlarga rozilik: Foydalanuvchi Saytda ro‘yxatdan o‘tish va xizmatlardan foydalanish orqali o‘zining hamda qarzdorlarning shaxsga doir ma’lumotlarini «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq Operator tomonidan qayta ishlanishiga (to‘plash, tizimlashtirish, saqlash, SMS-xabarnoma yuborish) va uchinchi shaxslarga taqdim etishiga so‘zsiz rozilik beradi.

8. JAVOBGARLIKNI CHEKLASH (DISCLAIMER)

8.1. Kafolatlar chegarasi: Operator Platformada taqdim etiladigan raqamli xizmatlar va shakllantiriladigan hujjatlar loyihalarining axborot-texnik to‘g‘riligini ta’minlaydi, lekin qarzdorning amalda to‘lovga layoqatliligi yoki qarzni 100% qaytarilishiga moliyaviy kafil bo‘lmaydi.

8.2. Foydalanuvchi javobgarligi: Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlarning noto‘g‘riligi, sohtaligi yoki uchinchi shaxslarning huquqlarini buzishi natijasida kelib chiqadigan barcha huquqiy va moliyaviy oqibatlar uchun bevosita Foydalanuvchining o‘zi to‘liq javobgar hisoblanadi.

8.3. Fors-major: Operator fors-major holatlari (yengib bo‘lmas kuchlar, aloqa liniyalaridagi uzilishlar, kiberhujumlar yoki davlat organlarining cheklovlari) sababli yuzaga kelgan uzilishlar uchun javob bermaydi.

9. NIZOLARNI HAL ETISH VA YAKUNIY QOIDALAR

9.1. Nizolarni hal etish: Ushbu Oferta bo‘yicha kelib chiqadigan barcha nizolar va kelishmovchiliklar eng avvalo muzokaralar va yozma e’tiroznoma (pretenziya) tartibida hal etiladi. E’tiroznomani ko‘rib chiqish muddati — 15 (on besh) kalendar kuni.

9.2. Sudga murojaat: Muzokaralar yo‘li bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, nizolar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq Operator joylashgan manzildagi tegishli sudda ko‘rib chiqiladi.

9.3. Ofertani o‘zgartirish: Operator ushbu Ofertaga istalgan vaqtda bir tomonlama o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega. Yangilangan tahrir Saytda joylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

↑ Yuqoriga